O‘zbekistonda BMT Rivojlanish Dasturining “AKT Siyosati” loyihasi (ICTP) O’zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda dasturiy ta’minotga doir intellektual mulk huquqi bo‘yicha qo‘llanma chiqardi. Nashrni chiqarishdan asosiy maqsad – dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar va undan foydalanuvchilarni dasturiy ta’minot yaratilayotganda va undan foydalanish davomida eng ko‘p yuzaga keladigan asosiy huquqiy masalalar bilan tanishtirish.

Hozirgi vaqtda har qanday davlatning qonun hujjatlarida intellektual mulk obyektlarini himoyalash uchun mo‘ljallangan me’yorlar mavjud. Milliy qonunchilik ham bundan istisno emas va mazkur yo‘nalishda muvaffaqiyatli rivojlanib borayapti. Kitobda taklif etilgan qonunchilik qoidalari va talablari hamda ularning soddalashtirilgan sharhlari, amaliy misollar va tavsiyalar dasturiy ta’minot mualliflari va ishlab chiquvchilarigagina emas, ayni paytda ulardan foydalanuvchilarga ham yordam beradi. Xususan, ularga o‘zgalar mehnatining mahsulidan noqonuniy foydalanish bilan qonuniy foydalanish orasidagi farqni tushuntirib, shu tariqa ularni dasturiy ta’minotdan foydalanish chog‘ida o‘zi bilmagan holda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yishdan asraydi. O‘zbekistonda dasturiy ta’minotga doir intellektual mulk huquqi bo‘yicha qo‘llanma intellektual mulk va undan oqilona foydalanish qadrini anglashda ko‘maklashadi.

Qo‘llanmada intellektual mulk haqida, intellektual mulk va dasturiy ta’minot to‘g‘risida, O‘zbekistonda dasturiy ta’minotga doir huqlar qanday muhofaza qilinishi borasidagi umumiy ma’lumotlar berilgan. Unda, xususan, “Intellektual mulk va uning obyekti nima?”, “Intellektual mulk qanday qadr-qimmatga ega?”, “© belgisi nimani bildiradi?”, “O‘zbekistonda intellektual mulkning qanday turlari mavjud?”, “Nima uchun dasturiy ta’minot intellektual mulk obyekti hisoblanadi?”, “Shaxsiy mulkiy huquqlar bilan nomulkiy huquqlar orasida qanday farq bor?”, “Dasturiy ta’minotga oid huquqlarni muhofaza qilish nima uchun kerak?”, “Dasturiy ta’minotga oid huquqlar samarali muhofaza qilinishini qanday ta’minlash mumkin?” kabi savollarga javoblar bor.

Shuni ta’kidlab o‘tish zarurki, Qo‘llanmaning har bir nusxasiga qo‘shib, ilovalar kiritilgan kompakt disk beriladi. Unda intellektual mulkka doir huquqlarni muhofaza qilish sohasidagi me’yoriy hujjatlar jamlangan.